Ayol kishi uchun ko’zguda yuzi va ko’zi ostidagi ajinlarni ko’rish anchayin yoqimsiz holatdir. Bu qachon, nimadan paydo bo’lishini bilish mushkul ish. Lekin, bunday ajinlar birinchi belgini berganidayoq, asabiylashmasdan, ular bilan kurashishni boshlash lozim. Bunda quyidagi maslahatlar yordam beradi.

Ko’z ostiga tushgan ajinga qarshi eng yaxshi vosita bu har xil ko’katlar va suv yordamida tayyorlangan oddiy muz bo’laklaridir. Shunchaki istalgan turdagi ko’katni mayda to’g’rab, muz bo’laklari tayyorlanadigan maxsus idishga joylang va ustidan suv quyib, muzlatkichda muzlating. Tayyor muz bo’laklari bilan har kuni ko’z ostini (davomiyligi 1 minutdan oshmasin) va yuz terisini uqalang. Agar ko’rish qobiliyatingiz yaxshi bo’lmasa (ko’zoynak taqsangiz) bu muolaja tavsiya etilmaydi.


Qotgan non ham ko’z ostidagi ajinni samarali ketkazadi. Bunday niqobni tayyorlash uchun bir bo’lak qotgan non ustidan ozgina iliq sut quyib, bo’tqa hosil qiling va shu bo’tqani 10-15 daqiqa ko’z ostiga surtib qo’ying.
Barra bodringni ko’ndalangiga parrak qilib kesing va ko’z ustiga (yuz terisiga ham qo’ysa bo’ladi) 20 daqiqaga qo’ying. So’ng bodring bo’laklarini o’girib, orqa tomonini yana 20 daqiqaga qo’ying. Bodring terini namlantirib, vitaminlar bilan oziqlantiradi. Faqat, terida bodringdan qolgan suvlarini yuvib yubormang, teriga shimilib ketishiga imkon bering.
Zaytun moyini har kuni, uxlashdan 1 soat oldin ko’z ostiga 10-15 daqiqaga surtib qo’yish ham ajinlarni ancha kamaytiradi.

Yana, mutaxassislar ko’z ostidagi ajinlarni turli uqalashlar bilan ketkazish mumkin, deb ta’kidlashadi. Shunday mashqlardan biri quyidagicha bajariladi. Bitta barmoq yordamida ko’zning osti va tepa qismiga bir necha marotabadan «yotqizilgan» sakkiz raqamini chizing. Mashqni qoldirmasdan, kuniga bir necha marotaba takrorlang.