
Bilim insonlarini aytishicha, inson miyasi kun davomida milliardlab ma’lumotni qabul qilar ekan. Ularning faqat ma’lum qismi xotirada saqlanib qoladi. Ayniqsa, siz ko’rib, eshitib hamda yozib olgan ma’lumotlar keyinchalik eslashingizda qo’l keladi. Xo’sh, xotirani qanday qilib mustahkamlash mumkin? Quyida bu borada bir nechta tavsiya berib o’tmoqchimiz.
Yangiliklar ortidan quvib yashang! Xotirani rivojlantirishning eng qulay usullaridan biri doimo yangiliklarni miyada saqlashdir. Agar chet tilini o’rganayotgan bo’lsangiz, tizimga oid yangiliklardan boxabar bo’ling. Bu inglizcha «Use it or Lose it», ya’ni «Foydalaning yoki unuting» degan ma’noni anglatadi. Hamisha sohangizga doir qaynoq yangiliklarni o’rganib borsangiz, ularni avvalgisi bilan solishtirish imkoniyati tug’iladi. Bu esa xotiraning mustahkam bo’lishini ta’minlaydi.
Takrorlash – xotiraning onasi. Siz o’rgangan ma’lumot xech kimni qiziqtirmasa ham, uni kimgadir o’rgatishdan charchamang. Bu jarayon xotirada ma’lumotning mustahkamlanishini ta’minlaydi. Sizni tinglovchilar va suhbatingizga qiziquvchilar qanchalik ko’paysa, shunchalik miya faoliyati yaxshilanadi.
Tilimning uchida turibdi… Ba’zan shunday holatlar bo’ladiki, siz bilgan ma’lumot kerakli paytda yodingizdan ko’tariladi. Shunda ko’pchilik «tilimning uchida turibdi» deydi-yu, eslay olmaydi. Bu paytda o’sha ma’lumotlarga tegishli boshqa voqea-hodisani va ta’riflarni yodga oling. Shundagina ko’zlagan maqsadingizga erishasiz.
O’rganishning turli usullaridan foydalaning. Odatda insonlar ko’rib, eshitib va o’qib o’rganuvchilar toifalariga bo’linadi. Misol uchun, bir xil axborotni uch kishi uch usulda qabul qiladi. Bu o’zlariga qulayini tanlaganliklari uchundir. Siz ham o’zingizga qulay bo’lgan yana biron usulni o’zingizga hamroh qilsangiz, esda saqlash yanada osonlashadi.
Mashqlarni bir vaqtning o’zida bajarmang. Barcha xotirasi sira pand bermasligini hohlaydi. Lekin, har narsaning me’yori bor. Ya’ni barcha tavsiyalarni bir vaqtning o’zida bajarish miyangizga aks ta’sir ko’rsatishi mumkin. Har bir mashqdan so’ng kamida ikki soat boshqa yumumshlar bilan mashg’ul bo’ling. Kitob mutoala qiling yoki sayr qiling. Bu orada yana bir mashqni bajarishga urinmang.
Yuqorida berilgan tavsiyalarga hamisha amal qilib borsangiz, o’ylaymizki, xotirangiz sira pand bermaydi. Muhimi, o’zingizda ishonch hosil qilingki, u mukammal xotira egasi bo’lishingizga ko’maklashsin.