Hanafiylik mazhabida, shar’iy nikohdan o’tish uchun kelin-kuyovlardan talab qilinadigan bir necha shart va odoblar bor. Ular qo’yidagilar:
Nikohdan o’tuvchilarning oqil bo’lishlari. Ya’ni aqllari joyida, ruhiy kasalliklardan holi bo’lishlari. Bu o’rinda nikohlanuvchi nikohning nima ekanini, kimga nikohlanayotganini anglab yetishi lozimligi nazarda tutilmoqda;
Iyjob va qabul. Ya’ni ikki turmush quruvchining roziliklari;
Guvohlar. Ya’ni, kelin kuyovdan tashqari eng kamida ikki erkak, yoki bir erkak bilan ikki ayol hozir bo’lishligi;
Kuyovning oila tebratishga moddiy jihatdan qodir bo’lishligi;
Mahr. Ya’ni, kuyovning kelinga beradigan haqqi;
Nikoh xutbasi o’qilmog’i;

Yuqorida zikr qilingan shart va odoblardan boshqa nikoh shartlariga ham amal qilish lozim. Jumladan, davlatimizning nikoh va oila to’g’risidagi qaror va qonunlarida kelin kuyovning nikohdan o’tish vaqtida balog’at yoshida bo’lishlari (O’z.R. Oila Kodeksining 15-moddasida nikoh yoshi erkaklar uchun 18 yosh, ayollar uchun 17yosh qilib belgilangan) va shar’iy nikohdan oldin davlat nikoh qayd qilish FHDYo idoralari ro’yxatidan o’tib, rasmiy nikoh guvohnomalarini olishlari shart.