
Norin shohona taom bo’lib, o’zbek milliy taomlari orasida tayyorlanishi ancha murakkab bo’lgan taomdir. Аsosan yilning sovuq fasllarida tayyorlanadi. Taomni ta’bga qarab mol yoki ot go’shtidan tayyorlash mumkin.
Ushbu taom 8-10 kishilik.
Kerakli masalliqlar:
1. Go’sht – 1 kg.
2. Tuxum – 2 dona
3. Un – 1,5 kg
4. Yog’ – 150 gr.
5. Zira
6. Tuz
Tayyorlanishi:
Go’sht suvda 1 soat davomida qaynatiladi. Pishgach, suvidan olib, sovutiladi. So’ng, mayda somoncha (kokil) shaklida to’g’raladi.Un ichiga tuxum chaqib solinib, nomokob suvda o’rtacha qattiq xamir qorib, tindirib qo’yiladi. Tingan xamir o’rtacha yupqalikda yoyilib, to’rtburchak shaklida kosa kengligida kesib chiqiladi.
Bu bo’laklar sho’r suvda pishirib olinadi. Pishgan xamirlar suvdan olingach, issiqligida dasturxon ustiga yoyib quritiladi. Bunda xamirlar bir-biriga yopishib qolmasligi uchun issiqligida to’liq yoyishga xarakat qiling. Ikki tomoni quritilgan xamirlar laganga bir xil tekislikda oralariga yog’ surilib, ustma-ust taxlanadi.
Taxlangan xamirdan uzun lentalar kesib olinib, mayda kokil qilib to’g’raladi.
To’g’ralgan go’sht va xamir zira bilan aralashtiriladi.
Taom dasturxonga aloxida idishda go’sht qaynagan sho’rvasi bilan tortiladi.
Eslatma: Go’sht oldindan tuzlab, ziralab qo’yilsa yanada mazali bo’ladi.
Yoqimli ishtaha!